Nvidia Cosmos nima?

Nvidia haqidagi oldingi postimda Cosmos haqida yozgandim. U alohida to'xtalib o'tishga arziydigan loyiha.
Sun’iy idrokni o’qitish uchun birinchi navbatda bilim (axborotlar to’plami), va hisoblash kuchi (datamarkazlar) yetarli bo’ladi. Har qanday SI modeli borgan sari kattaroq axborot manbalari bilan o’qitilib, yana ham “aqllilashib” bormoqda, buni biz o’z ko’zimiz bilan ko’rib turibmiz.
Lekin robotlarga bilimning o’zi yetarli emas. Ularga tajriba kerak bo’ladi. Tajriba orttirish uchun ko’p vaqt va turli muhitlar kerak. Robotni o’qitish qimmat va uzoq muddatli jarayon.
Tushunishingiz uchun aniq bir misol: velosipedni haydash bo’yicha 1000 ta video ko’rganingiz bilan, velosipedga o’tirib, pedalni aylantirmaguningizcha uni haydashni o’rgana olmaysiz. Haydab ko’rib, yiqilib, tajriba orttirasiz.
Lekin robotlarni o’qitishda bu jarayon murakkab va qimmat bo’ladi. Chunki robotlar harakat jarayonida o’ziga yoki birovga zarar yetkazishi mumkin.
Nvidia aynan shu muammoni yechish uchun turli real muhitlarda simulyatsiya (“virtual tajriba”) qilish imkonini beruvchi yirik platforma yaratdi va unga bejizga Cosmos deb nom bermadi.
Chunki u platformada siz ixtiyoriy muhit (uy, ofis, dala), ixtiyoriy iqlim (afrika jaziramasi, arktika izg’irini) va hattoki boshqa sayyora (masalan Mars) dagi muhitni simulyatsiya qilish mumkin.
Robotlar Cosmos orqali millionlab marta turli harakatkarni turli virtual muhitlarda bajarib ko’rib, jismonit harakat qilmasdan tajriba orttirishlari mumkin.
Cosmos turli muhitlardagi fizikani aniq chiqarib bera oladi. Koptok yerga tushsa sakrashi, shisha tushsa esa sinishini robot Cosmos orqali tushunib olishi mumkin.
Cosmosni robotlar uchun “tushlar fabrikasi” deb ta’riflashgan. U o'z ichida 4 ta asosiy blokni olgan Olamning asos modellari ("World Foundation Model")ga asoslangan:
- Cosmos Predict - keyin nima bo'lishini simulyatsiya qiluvchi model
- Cosmos Reason - Predict generatsiya qilgan natijaning fizika qonunlariga to'g'ri kelishini tekshiradi
- Cosmos Transfer - Bitta muhitda predictdan olingan natijalarni boshqa muhitga ko'chirish uchun ishlaydi
- Cosmos Guardrail - kiruvchi va chiquvchi ma'lumotlarning xavfsizligini nazorat qilib boradi.
Xullas, bu robotlarning ommalashish jarayonini tezlashtirib beradigan istiqbolli platforma.
Cosmos platformasi haqida Droider kanali rus tilida ajoyib rolik tayyorlashgan, ko’rishni tavsiya qilaman: https://m.youtube.com/watch?v=NBChhP6ZMQo