Hududlarda taksi servislari

Taksi xizmati asosan 2 ta qismdan iborat:
- Mijoz va taksistni bog’lash
- Bevosita mijozni tashish
2-qism tushunarli, buning uchun haydovchi va mashina bo’lishi kerak. Bu doim deyarli bir xil bo’lgan “mumtoz” (klassik) xizmat.
Lekin birinchi qismi yillar davomida transformatsiya bo’lib keldi. Oldin telefon orqali chaqirilardi. Keyin bu jarayon ilovalarga ko’chdi.
Toshkentda ilovalar kuchaygan vaqtda, hududlarda telefon orqali chaqirish rivojlangan edi. Esimda bor, bir Toshkentning o’zida 50 taga yaqin ilovayu telefonli taksilar bor edi.
2017 yilda Yandex kirib keldi. Birinchi Yandex rasmiy delegatsiyasini Raqamli texnologiya vazirligi vakili sifatida o’zim turli vazirliklarga uchrashuvlarga kuzatib borganman. Ular shuncha servisi turib, nimaga taksiga asosiy urg’u berishayotgani meni o’shanda hayron qoldirgandi biroz. Keyin tushundim - taksi ularning eng marjinal va daromadni generatsia qiladigan, bozorni egallashga yordam beradigan lokomotiv servislaridan biri ekan. Ko’p davlatlarga Yandex taksi bilan kirib borgan ekan.
Keyinchalik, 1 yilga yaqin Yandex qattiq demping qilib (haydovchilardan foiz kamgina olib, qaytanga pul to’lab berdi), deyarli hamma haydovchilarni o’z platformalariga o’tkazib olishdi, butun Toshkentdagi hamma taksi kompaniyalari yo’qolib ketdi. Bitta MyTaxi bu jangga turib bera oldi.
Keyinchalik, komissiyalarni avvaliga 4%, so’ng 8%, 12%, 14% qilib ko’tarishdi. Borib-borib ba’zi davlatlarda 30%gacha ko’tarishgan ekan.
Bunday monopoliyaning zarari ko’rinib turardi. Shuning uchun ham hozirda mahalliy raqobatchining bo’lishi - juda muhim.
Lekin Yandex qandaydir “tumanli” shartnoma bilan (yagona texnologik platformaga o’tish vaji ko’rsatilgan) Express24 va MyTaxi ni raqobatchidan o’zi bilan hamkorga aylantirib oldi.
Yaxshiki, RoyalTaxi, Lola (ayollar haydaydigan ayol mijozlar uchun taksi), OnlineTaxi kabi kompaniyalar paydo bo’lishdi va rivojlanishmoqda. Marg’ilonga kelgandim, ko’chalarda asosan RoyalTaxi va OnlineTaxi mashinalarini ko’rib xursand bo’ldim. Toshkentda raqobat kuchliligi uchun bular Yandex yetmagan joylarni egallab, biznesini mustahkamlab, to’g’ri qilishyapti.