Erik Shmidtdan miyangizni "portlatadigan" ajoyib intervyu

Har safar shu insonning fikrlarini eshitsam, qoyil qolaman. Juda uzoqni ko'ra oladigan, keng fikrlaydigan inson, haqiqiy "think tank". Afsonaviy Genri Kissinjer bilan Sun'iy idrok va insoniyatning kelajagiga bag'ishlangan "Genezis" ("Genesis") hamda "Sun'iy idrok erasi" ("The Age of AI") nomli kitoblar yozgan.
Bu safargi intervyuda quyidagi insaytlarni olish mumkin:
- 2016 yilda Google ning AlphaGo dasturi 2500 yildan beri odamlar o'ynab kelgan Go o'yinida yangicha yurish topganida hamma hayron qolgan. Nahotki shunday yurish ming yillar davomida odamlarning xayoliga kelmagan deb. Bu sun'iy idrokning ilk kashfiyotlaridan bo'lgan.
- Hozirda AQShga sun'iy idrok ishlatishi uchun 90 Gigawatt energiya kerak, buning uchun 90 ta atom elektr stansiyasi qurilishi kerak (Bekorga AQSh da svarshik, santexnik, duradgor kabilarga ish ko'payadi deyishmagan).
- 90 yillarda qiziq bir ibora bo'lgan ekan: "What Andy giveth, Bill taketh away". Ya'ni Intel companiyasi qanchalik protsessorni kuchaytirmasin, Microsoft uni to'liq band qilaveradi.
- Kashfiyotlar ko'pincha bir sohadagi mavjud bilimlarni boshqa sohada qo'llab ko'rganda yaratiladi. Hozircha bu sun'iy idrokning qo'lidan kelmayapti, lekin keyinchalik bu oson bo'ladi.
- Hozir sun'iy idrok ingliz tilida (yoki boshqa, masalan, xitoy tilida) "o'ylaydi". Insonlar o'ylash ketma-ketligini kuzatishi mumkin. Bir kuni kelib, sun'iy idrok "odamlar tilida o'ylashim shartmi, kel boshqa yaxshiroq til o'ylab topaman" desa, shu tilda o'ylab. shu tilga boshqa robotlar bilan gaplasha boshlasa, nima qilish mumkin? Yagona yo'li - sun'iy idrokni o'chirib qo'yish.
- AQSh harbiylarida 3000.09 sonli qoida bor - avtonom qurollarni ishlatish bo'yicha. Ya'ni qurollar qachon va qanday holatda o't ochishni o'zi hal qilishi mumkin.
- Sun'iy intellekt sohasida raqibing sendan 6 oy oldinda degani nima degani? Bu - sen raqibingga hech qachon yeta olmaysan degani. Chunki uning intellekti o'zini kuchli va seni kuchsiz qilishning sen bilmagan usullarini biladi va qo'llaydi.
- Shunday holatda raqibni yengishning eng samarali usuli - uning Data markazlarini portlatish. Va bu jiddiy insonlar tomonidan ko'rilayotgan ssenariy hisoblanadi.
- Xitoy ochiq kodli (open-source) modellarni yaratish bilan band. Lekin bunday sun'iy idrok zamonaviy Usama Ben Laden ning qo'liga tushsa nima bo'ladi? U virus yoki biologik qurol yaratib, hammaga zarar yetkazishi mumkin.
- Sun'iy Idrok da haqiqiy revolyutsiya qilish faqat AQSh va Xitoyning qo'lidan keladi. Chunki Yevropada pul bor xohish yo'q, Hindiston va Arab davlatlarida xohish bor, lekin bunaqa katta pul yo'q.
- Boshqalarni bu modellardan noto'g'ri foydalanishining oldini olishga harakat qilib, davlatlar tasodifiy tarzda "1984" dagi ssenariy bo'yicha total nazorat tizimini yaratib qo'yishlari mumkin.
- Qora modda, qora energiya (dark matter, dark energy) moddiyatning muhim qismi bo'lib, uni o'rganish katta fizik kashfiyotlarga olib keladi.
- Robotlar va SI orqali samaradorlikning birdaniga yillik 30%ga oshishi demografiyani qanday o'zgartiradi? Bunaqasi tarixda bo'lmagan. Bunaqa iqtisodiy modellar nazariyada ham, amaliyotda ham ko'rib chiqilmagan. Lekin buni biz ko'ramiz, boshimizdan kechiramiz.
Xullas, 1000 marta o'qigandan, 1 marta ko'rgan yaxshi.
Intervyuga havola: https://youtube.com/watch?v=id4YRO7G0wE