Baxt - bu tanlov

Hayotda muvaffaqiyatli insonlarni ko'rib, ko'pchilik havas qilishadi va o'zlari ham shunday bo'lishlarini istashadi. Hayotda inson yetib kelgan har bir nuqta - bu oldingi qilingan tanlovlar va qarorlar natijasi. Muvaffaqiyatli insonlar shu darajaga yetgunlaricha juda ko'p tanlovlar qilishgan. Ko'pchlik ularning o'rnida bo'lganda ular qilgan tanlovni qilmasliklari mumkin. Chunki har qanday qaror xatar bilan bog'liq. Va har qanday qaror bilan boshqa alternativ variantardan voz kechiladi.
Masalan, ko'pchilik muvaffaqiyatli insonlar juda ko'p ishlashgan. Oilasiga, do'stlariga, dam olishga sarf qilishlari mumkin bo'lgan vaqtlarini ishga, biznesga sarf qilishgan. Bunday paytda oilasi, do'stlari, ota-onasi, farzandlari ularni yoqlashmagan, qaysidir ma'noda ulardan xafa bo'lishgan. Lekin u insonlar shu yo'lni tanlashgan. Hamma ham bunday qilishni istayvermaydi. Ya'ni ular kelajakdagi yaxshi hayot uchun hozirgi yaxshi hayotdan voz kechganlar.
Ikkinchidan, xatar (risk) masalasi. Juda ko'pchilik muvaffaqiyatli insonlar biznesga borini tikishgan - o'zlarining va oilalarining xotirjamliklarini garovga tikib, muvaffaqiyatga erishishgan. Oxirgi pullarini ishlatib bo'lsa ham, uylarini sotib bo'lsa ham, shunday qarorlar qilishgan. 10 ta odam shunday qilgan bo'lsa, 5 tasi muvaffaqiyatga erishgan, 5 tasi (balkim ko'prog'i) bu xatarlar tufayli bankrot bo'lib, baxtsiz bo'lishgan. Chunki katta natija - katta xatar bilan bog'liq.
Shu sababli, birovlarning muvaffaqiyatlariga havas qilib, shunday natijaga erishish haqida o'ylaganda, ular duch kelgan qiyinchiliklar va xatarlar haqida ham o'ylang. Balkim, siz bunday xatarga bormasdan to'g'ri qilgandirsiz. Ishingiz va oilangizni tanlash kerak bo'lganda oilangizni tanlab, yaxshi qilgandirsiz. Balkim shu sizning baxtingizdir.
Inson qanday baxtli bo'lishini o'zi hal qiladi. Baxt nima?
Agar siz uchun qalin do'stlar davrasi baxt hisoblansa, va siz uchun har qanday vaziyatda turib beradigan do'stlaringiz bormi - demak siz baxtlisiz.
Agar siz uchun oilangiz bilan mehr-oqibat baxt olib kelsa, va uyingizda mehrli muhit bo'lsa - demak siz baxtlisiz.
Agar siz uchun jamiyatga foyda keltirish baxt olib kelsa, va hozirgacha ko'pchilikka foydangiz tekkan bo'lsa - demak siz baxtlisiz.
Baxt - bu tanlov.
https://t.me/fikrofon