Sayt haqida

Men kimman?
Assalomu alaykum.
Ismi sharifim - Tolibjon Mirzaqulov.
1986 yili Buxoro viloyati, Qorako'l tumanida tug'ilganman. Ko'pchilik biladigan Qorako'l matematika maktabi bitiruvchisiman.
Oliy ta'limni Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universitetida olganman, bakalavr - "Marketing", magistratura - "Logistika" yo'nalishlarida. Talabalik davrimizda VEKTOR SOFT nomli kompaniyaga asos solib, 2007-2012 yillarda 100 dan oshiq buyurtma dasturlar va web-saytlardan tashqari, narxoz.biz, vinetka.uz, domla.uz kabi bir nechta startup loyihalarni ishga tushirganmiz. Afsuski, o'sha vaqtda bozorning yetuklik darajasi pastligi, internet foydalanuvchilari soni pastligi, venchur kapitalining umuman yo'qligi sababli bu loyihalarning barchasini tugatishimizga qaror qilganmiz.
2012-2015 yillarda UZINFOCOM Markazida ishlaganman, ZiyoNET axborot ta'lim tarmog'i Resurs markazi rahbari bo'lganman. Shu yillarda ziyonet.uz portali, uning doirasida 10 dan ortiq resurslar, WWW.UZ milliy axborot qidiruv portali (Google Analytics, Yandex Metrika lar analogi), Umail.uz Milliy elektron pochta tizimi, ID.UZ identifikatsiya tizimi, uTube.uz media portali, Desk.uz axborot aggregatori, My.gov.uz loyihasining ilk versiyasini ishga tushirishda loyiha rahbari bo'lib ishlaganman.
2015-2019 yillarda Axborot texnologiyalari vazirligida Milliy kontentni rivojlantirishi bo'limi va Elektron tijoratni rivojlantirish bo'limi boshlig'i lavozimida ishlaganman.
2019-2020 yillarda Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (hozirda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi) da Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo'limi boshlig'i lavozimida ishlaganman, asosiy vazifalarim qatoriga Kriptovalyutalar bo'yicha tartibga solish masalalari kirgan.
2020-2021 yillarda UZCARD to'lov tizimi operatorida Raqamli iqtisodiyot boshqarmasi boshlig'i va loyiha rahbari sifatida faoliyat yuritganman.
2022 yilda hamkorlarimiz bilan "Multibroker" MChJ ga asos solganmiz, hozirda shu kompaniyada direktor vazifasini bajarib kelyapman. Asosiy loyihamiz - Jett investitsiya servisi bo'lib, u foydalanuvchilarga turli ilovalar orqali fond birjasidagi va boshqa aktivlarga investitsiya qilish imkonini beradi. Jett O'zbekistonda investitsiya sohasidagi ilk startup loyiha bo'lib, u AloqaVentures va SemurgVC dan seed-mablag' jalb qilib, faoliyatini boshlagan.
Hozirda Jett ni takomillashtirish va aholining investitsion imkoniyatlarini va salohiyatini kengaytirish bo'yicha loyihalarni amalga oshiryapmiz.
Bu blog nima haqida?
Fikrofonni men o'z bilimlarim va hayotiy tajribam bilan o'rtoqlashish uchun Telegram tarmog'ida ochganman. Mana bu havola orqali Telegramdagi blogga a'zo bo'lishlaringiz mumkin: https://t.me/fikrofon
Ushbu saytni shu blogda ma'lumotlarni Internetda qulay tarzda o'qish, qidiruv tizimlaridan traffikni kengaytirish va asosiysi, qulayroq formatda kontentni yetkazib berish maqsadida ochdim.
Bu blogda siz Sun'iy Idrok, zamonaviy texnologiyalar, startaplar, IT, tadbirkorlik masalalaridagi foydali va qiziqarli ma'lumotlarni olishingiz mumkin.
Postlarga obuna
Fikrofon.uz sayti Ghost.org platformasi asosida ishga tushirilgan bo'lib, unda yangi chiqayotgan maqolalarga obuna bo'lishingiz mumkin. Yangi postlar email adresingizga yetkazilib boriladi.
O'zim email dan doim foydalanganligim sababli, bu formatni kontentni iste'mol qilishning qulay formatlaridan biri deb bilaman. Va sizga Fikrofon blogiga a'zo bo'lishni tavsiya qilaman. Hozircha hamma foydali kontentlar tekin taqdim qilinmoqda. Foydalanib qoling va hoziroq obuna bo'ling.